2024-yilda oʻzbek tiliga tarjima qilingan va tarjima qilinishi kutilayotgan eng yaxshi kitoblar

E’lon qilingan sana· 2 943
2024-yilda oʻzbek tiliga tarjima qilingan va tarjima qilinishi kutilayotgan eng yaxshi kitoblar

Soʻnggi yillarda oʻzbek tilida juda koʻp foydali va qiziqarli adabiyotlar tarjima qilinmoqda. Ayniqsa 2024-yil yaxshigina yangiliklarga boy yil boʻlmoqda. Bu yil nashriyotlar oʻzbek kitobxonlarini zeriktirib qoʻymaslikka astoydil bel bogʻlashgan koʻrinadi. Afisha.uz muharriri 2024-yilda chiqishi kutilayotgan yangi kitoblarning xilma-xilligidan hayratda.

Ushbu maqolada biz sizni shu yil oʻzbek tilida chop etilgan va yil oxirigacha nashr qilinishi kutilayotgan xorijiy adabiyotlar bilan tanishtiramiz.

Bu yil qanday kitoblar chiqdi?

Garchi hali yilning uchdan bir qismigina oʻtgan boʻlsa-da, nashriyotlar kitobxonlarni bir qancha yangi kitoblar bilan xursand qilishga ulgurdi. Ushbu roʻyxatni xronologiyaga qarab emas, balki kitobning mashhurligiga va ahamiyatiga qarab (maqola muallifining nuqtai nazariga koʻra) tartiblab chiqdik.

“Taxtlar oʻyini”, Jorj Martin

Nihoyat oʻzbek tiliga fentezi janridagi asarlar ham tarjima qilina boshlandi. Albatta, oʻzbek tilidagi kitoblar bozorida Garri Potter haqidagi asarlar, “Uzuklar hukmdori” kitoblarini koʻrish mumkin edi. Ammo gap shundaki, yuqoridagi kitoblarga mualliflik huquqi sotib olinmagan. Va tarjima sifatida ham kitobxonni xafa qiladigan darajada edi.

Demak, “Taxtlar oʻyini” mualliflik huquqi sotib olingan fentezi janridagi ilk asar boʻlmoqda. Koʻpchiligimiz bu kitob bilan shu nomdagi serial orqali tanishmiz. Bu Jorj Martinning “Muz va olov qoʻshigʻi” epopeyasining 1-qismi hisoblanadi. Bu oʻzbek kitob bozori, umuman tarjimashunosligida alohida bir sahifa. Chunki fentezi olami juda qiziqarli va bu olamni endilikda oʻzbek kitobxonlari ham oʻzi uchun kashf qilishi mumkinligi, albatta quvontiradi.

Chop ettirgan nashriyot: Zabarjad Media

Tarjimon: Mirzohid Muzaffar


“Ishgʻol qilingan uy”, Xulio Kortasar

Jahonning nufuzli tanqidchilari “Argentinaning birinchi raqamli adibi” deya ta’rif bergan mashhur yozuvchi Xulio Kortasarning hikoyalar to‘plami oʻzbek tilida nashr ettirildi. Kitobdan Kortasarning 20 ga yaqin eng sara hikoyalari o‘rin egallagan.

Chop ettirgan nashriyot: Akademnashr

Tarjimon: Sharifjon Ahmad


“Rejali ayol”, Mey Mask

Ushbu kitobda mashhur milliarder Ilon Maskning onasi Mey Mask oʻzining murakkab, lekin mazmunli hayoti toʻgʻrisida soʻzlaydi. Asarni oʻqib, Mey Mask naqadar mustaqil va jasur ayol ekanidan hayratlanasiz. U oʻzining boy hayotiy tajribasidan kelib chiqib, goʻzallik, sogʻlik, baxt va farzand tarbiyasi sirlarini biz bilan baham koʻradi.

Chop ettirgan nashriyot: Asaxiy Books

Tarjimon: Madina Ahmedova


“Mantiqiy xato”, Bo Bennett

Kitob mantiqiy mulohaza yuritishning asosiy tamoyillari bilan tanishtiradi. Unda kundalik hayotda, bahslarda ko‘p uchraydigan xatolar va ularning turlari tahlil qilingan. Shu bilan birga, argumentlash bo‘yicha misol va foydali tavsiyalar keltirilgan.

Xatoning nima uchun xato ekanini bilsangiz, unga yo‘l qo‘ymaysiz. Bu xislat sizni oqil, vazmin va mulohazakor insonga aylantiradi.

Chop ettirgan nashriyot: Asaxiy Books

Tarjimon: Rahimjon Qudratov


“Parij Bibi Maryam ibodatxonasi”, Viktor Gyugo

Gyugoning 1831-yilda yozilgan ushbu mashhur tarixiy romani endi oʻzbek tilida. “Parij Bibi Maryam ibodatxonasi” u asarida tarixiy voqealar orqali keskin va oʻzgaruvchan davr manzarasini aks ettirgan.

Chop ettirgan nashriyot: Yangi Asr Avlodi

Tarjimon: Bahodir Umarov


“Turkiston Rossiya va Xitoy oraligʻida”, Boymirza Xayit

Turkistonning XV-XX asrlardagi hayoti yoritilgan ushbu kitob jamoatchilik uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 42 yillik urushda jon bergan qurbonlar buning guvohidir (1853 — 1895). Undan keyin yana o‘nlab yillar qarshilik harakati davom etdi.

Ushbu kitobda bu davrlardagi haqiqatlar keltirilgan va bir qancha miflar inkor etilgan.

Chop ettirgan nashriyot: Yangi Asr Avlodi

Tarjimon: Baxtiyor Isabek-Oʻrdabekli


“Xandaq”, Andrey Platonov

Andrey Platonovning ushbu asari falsafiy hamda antiutopik roman hisoblanadi. Antiutopik asarlar “fanati” sifatida, bu asarni oʻqib koʻrishni tavsiya qilaman.

Chop ettirgan nashriyot: Akademnashr

Tarjimon: Sharifjon Ahmad


“Daho”, Vilyam Saroyan

Kelib chiqishi arman millatiga mansub taniqli amerikalik yozuvchi Uilyam Saroyanning hikoyalari nihoyat endi oʻzbek tilida. U oʻtkir hikoyanavis sifatida dunyoga tanilgan. Hikoyalarining tili achchiq, uslubi quruq, qisqa, biroq hayotga oʻziga xos rakursdan qaraydi.

Chop ettirgan nashriyot: Yangi Asr Avlodi

Tarjimon: Alisher Fayzullayev


2024-yilda yana qanday kitoblar chiqishi kutilmoqda?

Bu hali boshlanishi edi… Bizni juda koʻplab qiziqarli kitoblar premyeralari kutmoqda. Oʻzingiz uchun eng qiziqlarini belgilab olishingiz mumkin.

“Ziyoli”, Tara Vestover

Original nomi: 'Educated'

Amerikalik esseist, memuar asarlar muallifi Tara Vestoverning “Educated” nomli kitobi xorij kitobxonlari orasida juda yaxshi qabul qilindi va millionlab tirajlarda sotildi. Kitob Taraning hayoti, boshdan kechirganlari va uning gʻalati oilasi, uning qanday bilim olganligi haqida.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Asaxiy Books


“Jang klubi”, Chak Palanik

Original nomi: 'Fight Club'

Chak Palanikning eng mashhur asari, oʻzbek kitobxonlari tomonidan uzoq kutilgan — “Jang klubi” asari nihoyat bu yil oʻzbek tilida nashr qilinishi aytilmoqda. Aytishlaricha, ushbu asar uchun mualliflik huquqini olish oson kechmagan (uzoq davom etgan).

Shu oʻrinda kitobxonlarga bir narsani aytib oʻtishim zarur: har qanday xorijiy kitobni shunchaki oʻzbek tiliga tarjima qilib, nashr qilib boʻlmaydi. Buning uchun mualliflik huquqini olish juda zarur. Bu esa ba’zan tarjima, tahrir va kitob ustida qilinadigan har qanday mehnatdan ham koʻp vaqt olishi, muzokaralar oʻzingiz kutmagan darajada uzoqqa choʻzilishi mumkin.

Hayriyatki, ma’lum qilinishicha, ushbu kitob uchun mualliflik huquqi olinibdi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Akademnashr


“Uliss”, Jeyms Joys

Original nomi: 'Ulysses'

Uzoq kutilgan yangi nashr. Shuni aytib oʻtish kerakki, “Uliss” oʻzbek tiliga oldinroq tarjima qilingan edi. Ammo bunga ancha boʻlib ketgan va tarjimasini topishning deyarli iloji yoʻq edi. Irland yozuvchisi ijodini hurmat qiladigan kitobxonlar bu yangilikdan juda hursand boʻlishsa kerak. Buni ustiga, bu asarni oʻzbek tiliga Ibrohim Gʻofurov tarjima qilganlar. Bu insonning har bir tarjimasi alohida e’tiborga loyiq.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Qirollar jangi”, Jorj Martin

Original nomi: 'A Clash of Kings'

“Muz va olov qoʻshigʻi” epopeyasining 2-qismi ham bu yil nashr qilinishi kutilmoqda. Nashriyot ushbu epopeyaning 1-qismi — “Taxtlar oʻyini” kitobini yaqindagina ommaga taqdim etdi. Xabar berilishicha, yil oxirigacha davomi ham nashr qilinar ekan.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Zabarjad Media


“Va'da qilingan zamin”, Barak Obama

Original nomi: 'Promised Land'

AQShning sobiq prezident tomonidan yozilgan ushbu memuar asar uning hayotidan olingan juda qiziqarli voqealar va ma’lumotlarga boy. Avtobiografik asarlarni yoqtiradigan va insonlarning muvaffaqiyat yoʻliga qiziqadigan har qanday kitobxon uchun 'must-read'.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Asaxiy Books


“Mening hikoyam”, Mishel Obama

Original nomi: 'Becomingʻ

Har qanday muvaffaqiyatli erkak ortida kuchli va zukko ayol turgan boʻladi. Mishel Obama bunga bir misol. Ushbu asar ham memuar hisoblanadi. Albatta, Obamalar oilasi haqidagi yuqorida tilga olingan kitobni oʻqimoqchi boʻlsangiz, ushbu memuarni ham oʻqish tavsiya etiladi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Asaxiy Books


“Oʻqituvchi, ota-ona, farzand”, Roy Andersen

Original nomi: 'Teacher, parents and children'

Hammamiz yaxshi bilamizki, XX asr va XXI asr odami oʻrtasida farq katta. Shuningdek, ikkala asr bolalari, tarbiyasi va bilimi borasida ham farq katta. XXI asrda bolaga qanday tarbiya berish kerak? Nimalarga e’tibor qilish kerak?

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Ego bu dushman”, Rayan Holidey

Original nomi: 'Ego Is The Enemy'

Xorijlik kitobxonlar falsafaga, psixologiyaga qiziqadigan insonlarga Rayan Holideyning barcha asarlarini oʻqishni tavsiya qilishadi. Nashr qilinishi kutilayotgan “Ego Is The Enemy” kitobi Rayanning oʻzbek tiliga oʻgirilgan birinchi kitobi boʻladi. Demak, shundan boshlaymiz.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Dyuna”, Frenk Gerbert

Original nomi: 'Dune'

Yaqinda oʻzbek kitobxonlarida Frenk Gerbert yaratgan dunyo bilan tanishish imkoniyati paydo boʻladi. Bu yil oʻzbekzavon kitobsevarlar mazza qiladigan yil ekan, oldin “Taxtlar oʻyini”, keyin “Dyuna” nashr qilinsa… Nihoyat, shu kunlarga yetib keldik.

Kitob haqida alohida gapirib oʻtirmoqchi emasman, menimcha filmlarini tomosha qilgansiz.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Asaxiy Books


“Dunyo qanday boy boʻldi?”, Mark Koyama, Jared Rubin

Original nomi: 'How The World Became Rich'

Aksariyat odamlar ota-bobolariga qaraganda ancha boy. Insoniyat oʻzining deyarli barcha boyliklarini soʻnggi ikki asrda qoʻlga kiritdi. Bu qanday amalga oshdi? Aynan mana shu kitobdan bunga javob izlaymiz.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Tirilish


“Mahorat”, Robert Grin

Original nomi: 'Mastery'

Robert Grin oʻzining ushbu kitobini yozish uchun har bir soha boʻyicha oʻz ishining ustalari bilan suhbat qurib chiqqan va ularning oʻzlari bergan “insayd"larni bitta kitob koʻrinishiga keltirilgan.

Robert mening eng sevimli yozuvchilarimdan biri. Uning hozircha faqat “Hokimiyatning 48 ta qonuni” kitobi oʻzbek tiliga tarjima qilinga. Shu yil oxirigacha “Mahorat” kitobi ham nashr qilinishi kutilmoqda.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Asaxiy Books


“Dunyo tartibi”, Genri Kissinjer

Original nomi: 'The World Order'

Genri Kissinjer mahoratli diplomat edi. Uning har bir kitobi siyosatshunoslar, diplomatiya sohasidagilar tomonidan darslik sifatida oʻrganib kelingan. Va nihoyat, uning kitoblari oʻzbek tiliga tarjima qilinmoqda. “Dunyo tartibi” kitobi Kissinjerning oʻzbek tilida nashr etiladigan birinchi kitobi boʻladi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Kulayotgan odam”, Viktor Gyugo

Original nomi: “L'Homme qui rit”

Ochigʻi, Gyugoning bu tarixiy qissasi oldin ham oʻzbek tilida nashr qilinganmi-yoʻqmi, ma’lumotga ega emasman. Ammo bu asarni oʻzbek tilida topa olmaganman. Tirilish nashriyoti yaqinda ushbu asarni oʻzbek tilida nashr qilmoqda va oʻzbekzabon kitobxonlarda bu shedevr bilan tanishish imkoniyati paydo boʻladi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Tirilish


“Ahmoqlar qurshovida”, Tomas Erikson

Original nomi: 'Surrounded by Idiots'

Insonlarning xulq-atvori haqida nimalarni bilamiz? Nega biz ayrim insonlar bilan yaxshi kelishamiz-u, nega ayrimlari bilan yaxshi chiqisha olmaymiz? Ba’zi insonlarni shunchalik xushlamaymizki, ularni hatto ahmoqqa chiqaramiz. Aslida ham shundaymikan? Oʻzimiz ahmoq deb bilgan insonlar chindan ham ahmoqmi yoki biz shunchaki ularni tushunmaymizmi?

Ushbu kitob sizga har qanday inson bilan qanday munosabat qilish, boshqalar sizni qanday qabul qilishi, insonlarning toifalari haqida ma’lumot beradi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Tasbeh daraxti soyasi”, Harper Li

Original nomi: 'Go Set a Watchman'

Harper Lining “Mazaxchini oʻldirish” asari esingizdami? Koʻpchilik bilmasa kerak, ammo “Go Set a Watchman” ushbu asarning davomi hisoblanadi. Qiziqmi? Menga ham qiziq.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Akademnashr


“Ozodlik”, Slavoy Jijek

Original nomi: 'Freedom: A Disease Without Cure'

Zamonamizning eng mashhur faylasuflardan biri Slavoy Jijekning kitoblari bu yaqin orada oʻzbek tiliga tarjima qilinadi deb oʻylamagan edi. Bu xabar ham meni juda quvontirdi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Zamonaviy oʻzbeklar”, Edward Allworth

Original nomi: 'The Modern Uzbeks'

Umrini Oʻrta Osiyoni oʻrganishga bagʻishlagan amerikalik tarixchi Edvard Ollvortning “The Modern Uzbeks” nomli asari ilk bor 1990-yilda nashr qilingan. Xorijliklar tomonidan biz haqimizda yozilgan kitob, albatta, biz uchun juda qiziq. Nashr qilinishini kutamiz.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Qonunlar ruhi”, Sharl Monteskye

Original nomi: “De l’esprit des loix”

Sharl Lui de Monteskye oʻz davrining eng buyuk faylasuflaridan boʻlgan va siyosiy falsafa haqida bir nechta kitoblar yozgan. Aynan mana shu kitob ham siyosiy falsafa haqidagi traktat boʻlib, ilk bor 1748-yilda nashr etilgan. Makiavellini oʻqiganmisiz? Demak, buni ham tavsiya etamiz.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Tirilish


“Nyu York trilogiyasi”, Pol Oster

Original nomi: 'The New York Trilogy'

Bu asar bilan tarjimon, ijodkor Mirzohid Muzaffarning maqtovlari orqali tanishmiz. Mirzohid begona qilmasdan, asarni oʻzi tarjima qilib qoʻya qoldi. Pol Oster ijodi bilan ham shu yil tanishamiz.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Zabarjad Media


“Shaxsiy xona”, Virjiniya Vulf

Original nomi: 'A Room of One’s Own'

Virjiniya Vulfning ushbu asari yozuvchi va tarjimon Nodirabegim Ibrohimova tomonidan tarjima qilingan va shu yili omma e’tiboriga taqdim etilishi kutilmoqda. Virjiniya Vulf ijodini sevadigan kitobxonlar, sabrsizlik bilan kutishadi deb oʻylayman.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Qanday qilib faylasuf kabi fikr yuritish kerak?”, Peter Cave

Original nomi: 'How to Think Like a Philosopher'

Avstraliyalik jurnalist Piter Keyvning qiziqarli kitoblari koʻp. 'How to Think Like a Philosopher' shulardan biri. Falsafaga endi qiziqishni boshlagan va oʻz fikrlashini oʻzgartirishni xohlaydiganlar uchun juda qiziq qoʻllanma.

Bu muallifning, shuningdek, 'The big think book : discover philosophy through 99 perplexing problems', 'Can a Robot be Human?: 33 Perplexing Philosophy Puzzles' nomli kitoblari ham juda qiziqtirib qoʻydi. Keyinchalik bu kitoblar ham tarjima qilinadi deb umid qilamiz.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Kirka”, Madlen Miller

Original nomi: 'Circe'

Sermahsul tarjimon Mirzohid Muzaffar tomonidan tarjima qilingan yana bir asar. Mifologiyaga qiziqasizmi? Demak bu asar aynan siz uchun.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Zabarjad Media


“Til kelajagi”, Philip Seargeant

Original nomi: 'Future of Language'

Kitobning toʻliq nomi — “Til kelajagi: texnologiya, siyosat va utopianizm bizning muloqot qilish usulimizni qanday oʻzgartiradi?”. Nomidan koʻrinib turibdiki, asarda juda qiziq savollarga javob izlanadi, tilning vaqt oʻtgani sayin oʻzgarishi, bunga roʻy berayotgan voqea-hodisalar, texnologiyalarning ta’sirini oʻrganadi. Tilshunoslar, tarixchilar va futurologlar uchun maxsus.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Tit Liviyning suhbatlari”, Nikkolo Makiavelli

Original nomi: 'Discourses on the First Decade of Titius Livius'

Uygʻonish davri asarlari tarjimasiga biz doimo hursand boʻlamiz. Chunki bu davrlardagi faylasuf va yozuvchilarning fikrlashi, ilmi oʻziga xos oʻtish davri uchun juda katta xizmat qilgan. “Hukmdor” asaridan keyin Makiavellining boshqa asarini qidirib qolganlar uchun maxsus.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Tirilish


“Sokin inqilob”, Claire Provost, Matt Kennard

Original nomi: 'Silent Coup'

Kitobning toʻliq nomi: “Sokin inqilob: korporatsiyalar demokratiyani qanday agʻdardi”. Biz kapitalistik davrda yashayapmiz. Biz kompaniyalar, korporatsiyalarning qoʻlida yigʻilgan kuch-hokimiyat har qanday kuchdan ham ustun kelishi mumkin boʻlgan davrda turibmiz. Lekin bu qanday roʻy berdi?

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Global siyosat”, Andrew Heywood , Ben Whitham

Original nomi: 'Global Politics'

Siyosatshunoslar va tarixga qiziqadigan insonlar, umuman dunyoda sodir boʻlayotgan voqealarga befarq boʻlmagan kitobxonlar uchun yana bir tuhfa.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Islomsiz dunyo”, Graham Fuller

Original nomi: 'World Without Islam'

Ushbu kitob amerikalik yozuvchi, siyosiy tahlilchi Graham Fuller tomonidan yozilgan boʻlib, unda Islom dinining kelib chiqishi, zamonaviy dunyoda tutgan oʻrni, boshqa sivilizatsiyalar bilan chegarasi haqida soʻz boradi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Yangi Asr Avlodi


“Ozodlik haqida”, Jon Styuart Mill

Original nomi: 'On Liberty'

Jon Styuart Mill faylasuf, sotsiolog va iqtisodchi boʻlgan. U shuningdek, Buyul Britaniya parlamenti deputati ham boʻlgan. Ushbu kitob liberalizm asoslarini oʻrganishni xohlaydigan kitobxonlar uchun qiziq boʻladi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Tirilish


“Islom, avtoritarizm va qoloqlik”, Ahmet Kuru

Original nomi: 'Islam, Authoritarianism and Underdevelopment'

Siyosatshunos Ahmet Kuru ushbu kitobida musulmon davlatlaridagi muammolar, jumladan avtoritarizm va qoloqlik haqida fikr yuritadi. Muammolarni koʻrib chiqish uchun kitobda tarixiy va zamonaviy misollarni keltiradi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Tirilish


“Erkinlikning kelajagi”, Fareed Zakaria

Original nomi: 'The Future of Freedom'

Amerikalik jurnalist Farid Zakariya ushbu kitobida Gʻarb mamlakatlarida demokratiya tushunchasini qanchalik buzib koʻrsatishayotgani, tushunchalarni chalkashtirib yuborishayotgani haqida yozadi.

Qaysi nashriyot chiqaradi: Tirilish


Shuningdek, 2024−2025-yillarda 1000KITOB loyihasi doirasida quyidagi kitoblarning ham oʻzbek tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishi kutilmoqda:

  • Adeeb Khalid, “The Politics of Muslim Cultural Reform: Jadidism in Central Asia” (“Musulmon madaniy islohoti siyosati: Markaziy Osiyoda jadidchilik”);
  • Alain Bertaud, “Order without design: How Markets Shape Cities” (“Dizaynsiz tartib: Bozorlar shaharlarni qanday shakllantiradi”);
  • Julia Driver, “Ethics: The Fundamentals” (“Etika: Asoslar”);
  • Nigel Warburton, “Philosophy: The Basics” (“Falsafa: Asoslar”);
  • Ernest Gombrich, “The Story of Art” (“San'at tarixi”);
  • Stephen Hawking, “A Brief History of Time” (“Vaqtning muxtasar tarixi”);
  • Sebastian Mallaby, “The Power Law: Venture Capital and the Making of the New Future” (“Kuch qonuni: Venchur kapital va yangi kelajak qurish”);
  • Robert Hazen, “The Story of Earth: The First 4.5 Billion Years, from Stardust to Living Planet” (“Yer tarixi: Ilk 4,5 milliard yil, fazoviy zarradan ona sayyoragacha”);
  • Alan Pritchard, “Ways of Learning: Learning theories for classroom” (“Ta'lim yo‘llari: nazariyalar va o‘qitish uslublari”);
  • Jawaharlal Nehru, “The Discovery of India” (“Hindistonning kashf etilishi”);
  • Stiven Robbins va Timoti Jaj, “Tashkiliy xulq-atvor asoslari” (“Essentials of Organizational Behavior”);
  • Loren Sompayrak, “Immun tizimi qanday ishlaydi?” (“How the Immune System Works”);
  • Rassell Kerk, “Konservatizm haqida muxtasar qo‘llanma” (“Concise Guide to Conservatism”);
  • Nayl Kishtayni, “Iqtisodiyotning muxtasar tarixi” (“A Little History of Economics”);
  • Tomas Xilland Eriksen, “Kichik joylar, katta masalalar: Ijtimoiy va madaniy antropologiyaga kirish” (“Small Places, Large Issues: An Introduction to Social and Cultural Anthropology”).
Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ